“UniSat 2.0” dasturining ishtirokchilari nanosun’iy yo‘ldoshlarni uchirish natijalarini taqdim etdilar

01 Iyun 2023

TOSHKENT, 2023 yil 30-may –“UniSat 2.0 Uzbekistan” nanosun’iy yo‘ldoshlar bo‘yicha STEM dasturining ishtirokchilari va tashkilotchilari “Girls in STEM & SPACE Day” (“STEM va kosmos sohalarida qizlar kuni”) tadbirida olti oylik faoliyatga yakun yasashdi. Ushbu dastur O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Tech4Impact NNT va UNICEF tomonidan amalga oshirilmoqda. 

 

Toshkent, Farg‘ona vodiysi, Jizzax, Navoiy, Samarqand viloyatlaridan 15-24 yoshli 120 nafar qiz dasturlash, injeneriya va ma’lumotlar tahlili bo‘yicha 4 oylik onlayn-kursni tamomlashdi. Eng yuqori akademik natijalarga erishgan 20 nafar qiz Toshkentdagi “INNO Technopark” laboratoriyalarida nanosun’iy yo‘ldoshlarni yig‘ish va uchirish bo‘yicha 5 kunlik amaliy seminarda ishtirok etishdi.

«Vazirlik qizlarning fan va texnologiyalar sohasida rivojlanishga bo‘lgan intilishlarini doim qo‘llab-quvvatlaydi. UniSat dasturi ilmiy missiyaga ega bo‘lgan loyihaviy va jamoaviy faoliyatning ajoyib namunasidir. Biz bu yil ishtirokchi qizlar olimlar bilan birga ishlashni boshlaganidan, birgalikda tadqiqotlar o‘tkazayotganidan mamnunmiz. Qizlarning ilm-fan sohasida salohiyati katta ekaniga ishonamiz», dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi boshqarma boshlig‘i Fazilat Kadirova.

«Boshqa ko‘plab mamlakatlardagi kabi O‘zbekistonda ham kompyuter savodxonligi, texnik ta’lim sohalarini o‘zlashtirish va karyera borasida hamon o‘g‘il va qiz bolalar orasida jiddiy farq kuzatilmoqda. Ushbu farqni qisqartirishga yo‘naltirilgan UniSat dasturi qizlarning tegishli ko‘nikmalarga bo‘lgan qiziqishining ortishiga va ushbu sohalarda ta’lim olishlariga turtki bo‘ladi hamda mavjud stereotiplarni yengadi», dedi UNICEFning O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. «UniSat ishtirokchilarining yutuqlari, qizlar o‘zlarini STEM sohasida namoyon etishlari va ilm-fan hamda zamonaviy texnologiyalar rivojiga katta hissa qo‘shishlari mumkinligini isbotlaydi», deya ta’kidladi u.

Tadbirda UniSat ishtirokchilari 13-may kuni O‘zbekistonning Navoiy viloyatida uchirilgan 2 ta nanosun’iy yo‘ldoshni namoyish etishdi va olingan ma’lumotlar haqida so‘zlab berishdi.

Nanosun’iy yo‘ldoshlarga joylashtirilgan datchiklar yordamida turli balandliklarda havo harorati, bosimi, sifati va radiatsiyani o‘lchash ishlari amalga oshirildi. Stratosferaga uchirilgan biomaterialning tajriba namunalari esa O‘zbekiston Xalqaro molekulyar allergologiya va aerobiologiya markazining laboratoriyasiga o‘rganish uchun taqdim etildi. Bu to’g’risidagi batafsil hisobot www.unisat.uz saytida e’lon qilinqdi.

«UniSat dasturi O‘zbekiston qizlariga fizika, astronomiya, dasturlash, data-tahlil, nanosun’iy yo‘ldoshlarni konstruksiyalash kabi fanlarni o‘rganish hamda mintaqamiz uchun muhim bo‘lgan mavzu – iqlim o‘zgarishi mavzusidagi o‘z ilmiy loyihasini amalga oshirish imkonini beradi», deya ta’kidladi Tech4Impact NNT direktori Saida Yusupova.

Uchrashuv UniSat 2.0 dasturining barcha ishtirokchilari va finalchilariga tantanali ravishda sertifikatlar topshirish marosimi bilan yakunlandi.

 

Другие мероприятия

Новости по теме

#Искусственный интеллект

#Soft skills

#Hardware

#Hardware

#Technology

#Education

#tEAMWORK