O‘zbekiston qizlari «Technovation Girls Uzbekistan 2023” xalqaro tanlovi doirasida rekord miqdorda mobil ilova ishlab chiqishdi

01 Iyun 2023

Qizlar uchun O‘zbekistondagi eng yirik STEM-dastur – “Technovation Girls Uzbekistan” tanlovning navbatdagi mavsumni yakunlamoqda. Dastur Tech4Impact NNT tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi va “Yandex Go” onlayn-servisi bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

30-may kuni  har yili Tech4Impact NNT tomonidan tashkil qilinadigan “Ayollar fan va texnologiyalar sohasida” Haftaligi doirasida “Girls in STEM Day” (“STEMda qizlar kuni”) tadbiri o‘tkazildi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida o‘tkazilgan tadbirda  ishtirokchilar va jamoalar mentorlarining dasturdagi 4 oylik faoliyatiga yakun yasaldi. 

Technovation Girls — qizlar uchun xalqaro texnologik tanlov bo‘lib, har yili dunyoning 160 ta mamlakatida o‘tkaziladi. Tanlovning maqsadi ishtirokchilarga “moslashuvchan” ko‘nikmalarni singdirish, qizlarni IT-texnologiyalarga, IT sohasidagi biznes va tadbirkorlikka qiziqtirishdan iborat.

12 haftalik dastur marketing, dasturlash, biznes-ko‘nikmalar va taqdimot ko‘nikmalari bo‘yicha ta’lim modullarini o‘z ichiga oldi. Treninglar va seminarlar Toshkentda, Nukusda, Farg‘onada va onlayn tarzda o‘tkazildi.  Qizlar texnologiyalar yordamida ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni hal qilishni o‘rganishdi va Barqaror Rivojlanish Maqsadlari bilan bog‘liq sohalarda innovatsion mobil ilovalarni yaratishdi.

”Technovation” dasturida qatnashish – qizlar uchun o‘zlarini IT sohasida sinab ko‘rish va yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun ajoyib imkoniyat. Mamlakatimizda ijtimoiy vazifalarni hal qilish uchun texnologiyalar va innovatsiyalardan foydalanish, qizlarni fan va texnologiyalar sohasiga jalb qilish har doim vazirlik tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi», – dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi boshqarma boshlig‘i Fazilat Kadirova.

«Bu mavsumda “Technovation Girl” dasturi hamkorlar ko‘magi tufayli turli hududlardan ko‘p sonli ishtirokchilarni qamray oldi,  78 ta jamoa gender tengligi mavzusidagi loyihalar, sun’iy intellekt qo‘llangan loyihalar, ekologiya, sog‘liqni saqlash, ta’lim va volontyorlik sohasidagi loyihalar asosida ijtimoiy mobil ilovalarni ishlab chiqdi. Bu biz uchun rekord raqam, juda ko‘p qizlar IT-texnologiyalarga va STEM  sohasida rivojlanish imkoniyatlariga qiziqish bildirganidan mamnunmiz. Ishtirokchilarimizni ilhomlantirgani va ularga yordam bergani uchun jamoalarning mentorlariga ham minnatdorchilik bildiramiz», – dedi  Tech4Impact NNT direktori Saida Yusupova.

«Men o‘z ona shahrim – Farg‘ona jamoasiga mentorlik qildim. Qizlarning ijtimoiy muammolar haqida qayg‘urishi hamda o‘z iste’dodi va texnologiyalar yordamida vaziyatni o‘zgartirishga harakat qilishi meni hayratga soldi. Masalan, jamoamiz xayriya sohalarida birgalikda yordam ko‘rsatish uchun volontyorlarni birlashtiruvchi marketpleysni ishlab chiqdi. “Technovation” dasturi menejment bo‘yicha haqiqiy ekspress-maktab bo‘lib chiqdi, men uni o‘rganish uchun universitetda olti yil o‘qigandim. Yandeks shunday ta’lim loyihalarini qo‘llab-quvvatlashi menga ilhom bag‘ishladi, bizda, kompaniya xodimlarida, ushbu tashabbuslarning faol ishtirokchilariga aylanish imkoniyati bor», – dedi Yandex Taxi kompaniyasining xalqaro bozorlarda infratuzilmaviy loyihalari yetakchi menejeri Darya Soy.

«Loyiha jarayonida ishtirokchilar haqiqatdan ham IT- kompaniyalarda mavjud bo‘lgan rollarni o‘zlarida sinab ko‘rishdi. Qizlar, biz kabi, “sprint” rejimida ishlashdi, jamoada ishlashni o‘rganishdi, o‘zlarini loyihaviy menejmentda sinab ko‘rishdi, dedlaynlarga amal qilish qobiliyatlarini namoyon etishdi. Bularning barchasiga maktabdagi yuklamalarga qaramasdan erisha olishdi. Meni ularning ishga ijodiy yondashish, tadqiq qilish qobiliyati hamda o‘ylagan narsalarini ro‘yobga chiqarishdagi dadilliklari hayratga soldi» — dedi loyihaning boshqa mentori “Yandex Poisk”ning tahlilchi ishlab chiquvchisi Aziza Jumaboyeva.

30-may kuni tadbir mehmonlari va ishtirokchilari uchun qiziqarli dastur tashkil qilindi, xususan:

  • Toshkent, Andijon, Jizzax, Namangan, Nukus, Samarqand va Farg‘ona jamoalari (8-18 yoshli qizlar) o‘z loyihalari bo‘yicha faoliyat natijalarini namoyish etishdi, o‘zlarining ijtimoiy mobil ilovalarini ko‘rgazma stendlarida taqdim qilishdi.
  • 10 ta Technovation Girls jamoasi tadbir hamkorlarining mavzuli nominatsiyalarida mukofotlandi (nominatsiyalar orasida – sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha eng yaxshi loyihalar, gender tengligi, ekologiya, sog‘liqni saqlash, teng imkoniyatlarni taqdim etish mavzulari bor edi).

Uchrashuv bayram tantanasi hamda «Technovation Girls 2023” ishtirokchilari va mentorlariga sovg‘alar va sertifikatlarni topshirish marosimi bilan yakunlandi.

 

“Technovation Girls”  dasturining xalqaro hakamlar hay’ati 2023-yil 1-iyun kuni O‘zbekistondan xalqaro tanlovda qatnashishda davom etadigan bir nechta jamoani aniqlaydi.

“Technovation” jamoalarining barcha videoroliklari va loyihalari  http://technovation.uz/allprojects2023  saytiga joylashtirilgan.

Другие мероприятия

Новости по теме

#Искусственный интеллект

#Soft skills

#Hardware

#Hardware

#Technology

#Education

#tEAMWORK