stem, technovation girls uzbekistan, гендерный разрыв

Fotosurat: Ansel Yusubaliyev.

 

Yelena Seleznyova va Saida Yusupova mamlakatga qaytgandan keyin O‘zbekistonda ham qizlar uchun xuddi shunday loyihani amalga oshirishga qaror qiladi. Koordinatorlar yoshlarga dasturlash ko‘nikmalarini o‘zlashtirishga hamda IT yordamida ijtimoiy muammolarni hal qilishga yordam berishni xohlashayotgandi. Ular bu borada ko‘mak so‘rab tanishlari va do‘stlariga murojaat qiladi.

 

Dasturni ikki oydan keyin ishga tushirishga muvaffaq bo‘lindi. Tashabbusni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Inxa universiteti hamda Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi qo‘llab-quvvatladi. Keyinchalik esa Ilg‘or texnologiyalar markazi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Prezident, ijodiy va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi, Davlat ekologiya qo‘mitasi, BMT, BMTTD va YUNISEF, shuningdek Yaponiya, AQSH, Fransiya, Isroil va boshqa davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari loyiha hamkorlariga aylandi. Bu yil hamkorlar safiga Yandex Go onlayn-servisi ham qo‘shildi.

 

2018-yilda Technovation Girls Uzbekistan tanlovi o‘z faoliyat maydonini kengaytirdi. Loyiha Toshkentdan tashqari Nukus, Urganch, Qarshi, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida ham o‘tkazildi. 2019-yilda tashkilotchilar Tech4Impact NNTga asos solishdi.

 

stem, technovation girls uzbekistan, гендерный разрыв

Fotosurat: Ansel Yusubaliyev.

 

Yangi mavsum

 

Bu yil dasturni ishga tushirishga bag‘ishlangan tadbirlar Toshkent, Nukus va Farg‘ona shaharlarida o‘tkazildi. Yelena Seleznyovaning «Gazeta.uz» nashriga bildirishicha, loyiha o‘tgan yillar davomida ham ishtirokchilarning sifati, ham soni bo‘yicha ancha o‘sgan.

 

Agar tanlovning ikkinchi mavsumida, ya’ni 2017-yilda 22 ta jamoa o‘zining yakuniy loyihasini topshirgan bo‘lsa, to‘rtinchi mavsumda buni 42 ta jamoa amalga oshirdi. Olti yil ichida 197 ta jamoa finalgacha yetib bordi, dasturda O‘zbekistonning 9 ta hududidan 450 dan ortiq mentor va 2500 dan ziyod qiz qatnashdi. 2018-yilda O‘zbekiston jamoasi ilk bor xalqaro finalga chiqdi va o‘z loyihasini Kremniy Vodiysida (AQSH) taqdim etdi, 2021-yilda esa Osiyoda mintaqaviy g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

 

Bu yil tanlov oxirigacha nechta jamoa yetib borishi hozircha noma’lum, chunki mavsum endigina boshlandi. 24-yanvar holatiga ko‘ra, tanlovda 65 ta jamoa qatnashmoqda (ro‘yxatdan o‘tish 1-fevralgacha ochiq), biroq finalgacha eng yaxshi jamoalar yetib boradi.

 

Saida Yusupova nafaqat dasturni yakunlagan jamoalar sonini, balki tanlovga kiziqish bildirgan ishtirokchilarning o‘z loyihalariga jalb etilish darajasini ham qadrlashini aytadi.

 

«Uch oy ishlash oson emas, — deya tushuntiradi Saida Yusupova, uning so‘zlariga ko‘ra ba’zi kattalar ham bunday yuklamani uddalay olmaydi.

 

stem, technovation girls uzbekistan, гендерный разрыв

Fotosurat: Ansel Yusubaliyev.

 

«Bu men qilayotgan eng foydali loyiha», — deydi Yelena Seleznyova. Uning uchun qizlar o‘z dunyoqarashini kengaytirishi muhim. Yelenaning fikricha, kelajakda qizlar boshqalarga yaxshi namuna bo‘ladi. Hozir ishtirokchi qizlarning ko‘pchiligi nufuzli IT-korporatsiyalarda ishlamoqda, Technovation dasturining mentorlari va ambassadorlari sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular yangi kelgan qizlarga dasturlash ko‘nikmalarini o‘zlashtirishlariga yordam beryapti va xohlovchilarni loyihaga jalb qilyapti.

 

Gender tengsizligi yoki «bu ayollarning ishi emas»

 

Innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova (yil boshida vazirlik Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga aylantirildi) Techonavation Girls dasturini IT sohasidagi gender tengsizligini qisqartirish uchun rivojlantirish zarurligini qayd etadi.

 

stem, technovation girls uzbekistan, гендерный разрыв

Fotosurat: Ansel Yusubaliyev.

 

«Fan va texnologiyalar sohasida gender masalasi O‘zbekiston uchun ham dolzarb. Biz STEM-yo‘nalishlarda tahsil olayotgan va ishlayotgan qizlar va ayollar sonini oshirish ustida ishlayapmiz, shu nuqtai nazardan Technovation dasturi ushbu sohaga qiziqqan qizlar uchun juda yaxshi imkoniyat», — deydi Shahlo Turdiqulova.

 

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda ta’lim tizimi bolalarda kreativ fikrlashni rivojlantirishga yo‘naltirilmagan. Technovation kabi dasturlar esa bunga yordam beradi. Bundan tashqari, ishtirokchi qizlarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchi ortadi, ular o‘z fikrini bildira oladi.

 

«Qizlar ko‘proq ikkilanadi», — deydi u.

 

stem, technovation girls uzbekistan, гендерный разрыв

Fotosurat: Ansel Yusubaliyev.

 

«Bizda qizlarni bu sohadagi o‘z faoliyatlarining boshida qo‘llab-quvvatlash uchun ekspertiza va mas’uliyat borligini his qilyapmiz», — deya tushuntiradi u Technovation loyihasiga bo‘lgan qiziqish sababini.

 

Bu yil dastur faoliyatiga 5 ta koordinator, 10 ta trener, 5 ta ambassador va 50 ta mentor jalb qilingan. Zebiniso uchinchi marta ishtirokchiga aylandi. Hozir u Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetining akademik litseyida tahsil olmoqda. Qizning so‘zlariga ko‘ra, u hali o‘z maqsadiga erishmagan. Oldingi mavsumlarda tanlov hakamlari u qatnashgan jamoaning ilovasi ustida qo‘shimcha ravishda ishlashni maslahat berishgandi, chunki unda uzilishlar kuzatilgan. Zebiniso iMigrant haqida ko‘proq odamlar bilishini xohlamoqda.

 

«Qizimizning bunga kuchi yetadi. U o‘z oldiga maqsadni qo‘yib, unga erishadi», — deyishmoqda koordinatorlar.

 

Technovation Girls Uzbekistan tanloviga 2023-yil 1-fevralgacha ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Unda qatnashish uchun mamlakatning barcha hududlaridan 12-18 yoshdagi qizlar taklif etiladi. Offlayn-treninglar va seminarlar uchta shahar – Toshkent, Nukus va Farg‘onada o‘tkaziladi. Onlayn-seminarlarda O‘zbekistonning barcha hududlaridagi jamoalar qatnashishi mumkin. Ishtirokchilar uchun ingliz tilini bilish muhim.